O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi amerikalik bloger Jimmy Donaldson, ya’ni MrBeastning O‘zbekistonga tashrifi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Bayonotga ko‘ra, tashrif dasturi dastlabdan Toshkent va Samarqand shaharlarini qamrab olishi rejalashtirilgan bo‘lib, barcha tadbirlar tasdiqlangan jadval asosida o‘tkazilgan.
Jamg‘arma ma’lum qilishicha, MrBeast va uning jamoasi bilan oldindan kelishilgan dasturdagi birorta ham band bekor qilinmagan. Blogerning O‘zbekistondan jo‘nab ketish sanasi ham avvaldan belgilangan.
Shuningdek, tasvirga olish guruhining boshqa a’zolari reja asosida mamlakatning qolgan shaharlarida suratga olish ishlarini davom ettirmoqda.
Jamg‘arma Toshkent va Samarqand aholisi hamda mehmonlariga MrBeast va uning jamoasini samimiy kutib olgani uchun minnatdorlik bildirgan.
Tashrifga oid qo‘shimcha ma’lumotlar tashkilotning rasmiy axborot kanallarida e’lon qilib borilmoqda.