Joriy yilning 26–27-oktabr kunlari O‘zbekiston parlament delegatsiyasi Hindiston raisligida o‘tkazilgan 12-BRICS parlament forumida ishtirok etdi.
Forum doirasida inson manfaatlariga yo‘naltirilgan taraqqiyotni ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida inson manfaatlariga yo‘naltirilgan innovatsiyalarni parlamentlar salohiyati orqali ilgari surishga bag‘ishlangan panel sessiyasida ma’ruza qildi. Unda O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishlardagi tajribasi, shuningdek, innovatsion jarayonlarda parlament rolini kuchaytirish masalalari yoritildi.
Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Hindiston parlamenti Quyi palatasi — Lok Sabha Spikeri Om Birla hamda Hindiston parlamentining O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi rahbari Ganesh Singh bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklikni mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish hamda erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, parlamentlararo guruhlar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, muntazam uchrashuvlar o‘tkazish, o‘zaro tashriflarni tashkil etish va tajriba almashinuvini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy, ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.