Afg‘onistondan kelgan avtodilerlar O‘zbekiston avtomobil bozori bilan tanishmoqda.
Afg‘onistondan tashrif buyurgan 30 nafardan ortiq avtodiler O‘zbekistonga keldi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni Afg‘oniston bozoriga yetkazib berish imkoniyatlarini o‘rganish hamda o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.
Mehmonlar tashrif davomida avtomobil ishlab chiqarish korxonalari faoliyati, mahsulot sifati, texnik xususiyatlari va eksport salohiyati bilan yaqindan tanishmoqda.
Shuningdek, logistika, servis xizmatlari va ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, mahalliy avtomobillarning eksport geografiyasini kengaytirish hamda yangi bozorlarni o‘zlashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.