Parlamentlararo Ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari normalariga rioya etilishini ta’minlash, qurolli mojarolar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirishga bag‘ishlangan panel munozarasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etib, xalqaro majburiyatlarni milliy qonunchilik, budjet mexanizmlari va parlament nazorati orqali samarali amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, mas’ul idoralarning vazifalarini aniq belgilash, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni xolisona tergov qilish va aybdor shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish muhimligi qayd etildi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston inson hayoti va qadr-qimmatini himoya qilish, nizo va mojarolarni xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va prinsiplari asosida tinch yo‘l, muloqot va diplomatik vositalar orqali hal etish tarafdori ekani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, inson hayoti va qadr-qimmatini oliy qadriyat sifatida himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu bois xalqaro gumanitar huquq talablarini milliy huquqiy amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, huquqni qo‘llash mexanizmlarini takomillashtirish va mas’ul institutlar salohiyatini oshirish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Panel munozarasida bildirilgan fikr va takliflar xalqaro gumanitar huquq normalarini samarali amalga oshirish, inson huquqlarini himoya qilishning milliy mexanizmlarini yanada kuchaytirish hamda parlamentlarning ushbu jarayondagi rolini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.