Raislikning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida transport sohasi belgilandi. Ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyo Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi muhim transport tuguniga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston Prezidenti ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish, qulay, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan manfaatli transport yo‘nalishlarini yaratish zarurligini qayd etdi.
O‘zbekistonning MDHga raisligi davrida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash ham hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. Shu nuqtayi nazardan, terrorizm, ekstremizm va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda MDHning sohaviy organlari faoliyati hamda mamlakatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, fuqarolar, tadbirkorlar, banklar va davlat tizimlariga tahdid solayotgan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, insonlar o‘rtasidagi aloqalar ham eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Chunki aynan shu rishtalar davlatlararo munosabatlarning barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Talabalar, yosh mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar va ijodkorlarning o‘zaro muloqot qilishi, tajriba almashishi hamda hamkorlikda ishlashi uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari hamkorlik markazida inson, uning qadr-qimmati, manfaatlari va salohiyatini ro‘yobga chiqarish turishi kerakligini alohida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, shundagina MDH ta’lim olish, mehnat qilish, yangi loyihalarni amalga oshirish, hamkorlar topish va kelajakni barpo etish uchun keng imkoniyatlar makoni sifatida namoyon bo‘ladi.
Yakunda O‘zbekiston MDHga raisligi davrida o‘z samaradorligini isbotlagan yutuqlarni saqlab qolish va ayni paytda yangi yechimlar talab etilayotgan yo‘nalishlarni rivojlantirishga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashni maqsad qilgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga samimiy mehmondo‘stlik va sammitni yuksak saviyada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga oid bitim va qarorlar to‘plami imzolandi.