Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi rahbari, Senat Raisi Tanzila Narbayeva Buyuk Britaniya parlamenti Jamoalar palatasi Spikeri Lindsi Hoyl bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish hamda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash masalalari muhokama qilindi.
Lindsi Hoyl O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirda bosh mehmon sifatida ishtirok etganidan mamnunligini bildirdi. Shuningdek, tadbir yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, bunday tashabbuslar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni izchil rivojlantirish, parlamentlarning tegishli qo‘mitalari va parlament guruhlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston yoshlari orasida ingliz tilini o‘rganish va Buyuk Britaniyada ta’lim olishga qiziqish ortib borayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan Britaniya universitetlari va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.