Jahon / 09-Oktabr, 11:22 34

O‘zbekiston va Iordaniya parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Arusha shahrida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Vakillar palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Xamis Atiye bilan uchrashdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, yaqin ma’naviy va madaniy qadriyatlarga asoslanadi. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli va muntazam muloqot esa hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni izchil davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil fevral oyida Iordaniya Senati Raisi Faysal al-Fayozning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki mamlakat senatlari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolangani parlamentlararo muloqotni yangi bosqichga olib chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan parlamentlararo hamkorlik guruhlari va tegishli qo‘mitalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlamentlar ko‘magini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, tomonlar sanoat kooperatsiyasi, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, logistika va turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Ta’lim va ilm-fan yo‘nalishlarida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish zarurligi ham qayd etildi.

Teglar
#Jahon
Baholash