Jahon / 12-Oktabr, 08:07 29

Parlamentlararo ittifoq Boshqaruv kengashida Samarqand konferensiyasi natijalari e’tirof etildi

Tanzaniyaning Arusha shahrida Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida Boshqaruv kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi ishtirok etdi.

Yig‘ilishda demokratik institutlarni mustahkamlash, jamoatchilik ishonchini oshirish, teng imkoniyatlarni ta’minlash va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.

Tanzila Narbayeva 2026-yil sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi yakunlari haqida ma’lumot berdi. Tadbir davomida konferensiya natijalariga bag‘ishlangan videorolik ham namoyish etildi.

Konferensiyaning global muammolar sharoitida inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan parlament yechimlarini ishlab chiqishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi. Shuningdek, BMTning «Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik» kun tartibini ilgari surish, raqamli platformalarni mas’uliyatli tartibga solish, yoshlarning qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalariga e’tibor qaratildi.

Xorijiy parlamentlar vakillari konferensiyaning tashkiliy darajasi, xalqaro miqyosi va natijalarini yuqori baholadi. Yakuniy hujjatning amaliy ahamiyati hamda O‘zbekistonning yoshlar parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi qayd etildi. Samarqandda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha kelgusida hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish doirasida Parlamentlararo ittifoq Prezidenti saylovi ham bo‘lib o‘tdi. Unda Avstraliya vakili Milton Dik 182 ta ovoz (56 foiz) bilan 2026–2029-yillar uchun tashkilot Prezidenti etib saylandi. Sahiba G‘afarova 124 ta (38 foiz), Chili vakili Roxo Edvards esa 21 ta ovoz (6 foiz) oldi.

Milton Dik o‘z nutqida kichik orol davlatlari manfaatlarini himoya qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va demokratiyani mustahkamlashni ustuvor vazifalar sifatida belgiladi. Shuningdek, u 100 kunlik harakatlar rejasini amalga oshirishini ma’lum qildi.

Tadbir yakunida samarali boshqaruv, jamoatchilik ishonchi va teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan Arusha kommyunikesi qabul qilindi. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish hamda iqlim ofatlari oqibatlariga qarshi parlament choralarini faollashtirishga oid rezolyutsiyalar ma’qullandi.

Shuningdek, Parlamentlararo ittifoq Ustavi va Reglamentiga o‘zgartirishlar kiritildi. Mehnat sohasida sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish hamda BMT Ustavini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ham taqdim etildi.

Teglar
#Jahon
Baholash