Jahon / 07-Oktabr, 12:57 41

PI 153-Assambleyasida O‘zbekistonning parlament nazoratini kuchaytirish borasidagi tajribasi namoyon etildi

Parlamentlararo Ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida o‘tkazilgan umumiy debatlar “Inklyuzivlik, ishonch va barcha uchun imkoniyatlar orqali samarali boshqaruvni mustahkamlash va jamiyatlar imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusiga bag‘ishlandi.

Debatlarda davlat institutlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, teng imkoniyatlarni ta’minlash hamda parlamentlarning aholi hayotida aniq va ijobiy o‘zgarishlarga erishishdagi rolini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi rahbari, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva o‘z nutqida mamlakatimizda ijtimoiy davlat tamoyillarini amalga oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy siyosatning huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish va davlat siyosatining ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish borasidagi O‘zbekiston tajribasi taqdim etildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston ilgari surayotgan tashabbuslar parlamentlarning qonun ijodkorligi va nazorat funksiyalarini aholi ehtiyojlariga yanada yaqinlashtirishga qaratilgan. Xususan, qonun loyihalarini tayyorlashda jamoatchilik va mahalliy vakillik organlarining fikrlarini to‘liq inobatga olish, davlat dasturlari va budjetlarni teng imkoniyatlar nuqtayi nazaridan baholash hamda parlament nazoratini qabul qilingan qarorlarning aholi hayotidagi amaliy natijalariga yo‘naltirish takliflari ilgari surildi.

Debatlar davomida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Ijtimoiy rivojlanishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyaga ham alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur hujjat parlamentlarning ijtimoiy rivojlanish, teng imkoniyatlar va inson farovonligini ta’minlashdagi mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgani qayd etilib, uning samarali ijrosini ta’minlashda parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Teglar
#Jahon
Baholash