Joriy yilning 4–6-sentabr kunlari Samarqand shahri dunyoning yosh parlament aʼzolarini birlashtiradigan yirik xalqaro anjumanga mezbonlik qiladi. Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasiga tayyorgarlik masalalari Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva rahbarligidagi Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishida muhokama qilindi.
Yig‘ilishda konferensiyani yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini taʼminlash hamda tadbir mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Mazkur konferensiyani O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida ilgari surilgan edi. Davlat rahbari yoshlarni milliy parlamentlar va Parlamentlararo ittifoq faoliyatiga faolroq jalb etish zarurligiga alohida eʼtibor qaratgan.
Ushbu tashabbus doirasida Oliy Majlis Senati va Parlamentlararo ittifoq o‘rtasida XII global konferensiyani Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha bitim imzolangan. Anjumanning asosiy maqsadi yosh parlament aʼzolari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, parlament diplomatiyasini rivojlantirish hamda O‘zbekistonning ochiqlik siyosatiga sodiqligini namoyon etishdan iborat.
Konferensiya kun tartibidan nizolar va raqamli transformatsiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularning siyosiy imkoniyatlarini kengaytirish, iqtisodiy huquqlari va bandligini taʼminlash kabi dolzarb masalalar o‘rin oladi. Shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratiladi.
Global konferensiya doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligini o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Shu tariqa Samarqanddagi anjuman yosh parlamentariylar o‘rtasida tajriba almashish va xalqaro muloqotni kengaytirish uchun muhim maydonga aylanishi kutilmoqda.