Jamiyat / 19-Iyul, 22:05 22

Jazirama issiqda obodonlashtirish xodimlari mehnatini muhofaza qilish choralari kuchaytirilmoqda

Yozning jazirama kunlarida fuqarolar salomatligini muhofaza qilish va mehnat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Davlat mehnat inspeksiyasi mahalliy hokimliklarga tegishli ko‘rsatma yubordi. Unda obodonlashtirish xodimlarining ochiq havoda ishlash sharoitlarini xavfsiz tashkil etish bo‘yicha qator tavsiyalar belgilangan. 

 

Ko‘rsatmaga muvofiq, soat 10:00 dan 17:00 gacha havo harorati yuqori bo‘ladigan paytda sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish tavsiya etildi. Ushbu chora issiq urishi va quyosh nurlarining salbiy ta’sirini oldini olishga qaratilgan.

 

Shuningdek, obodonlashtirish xodimlarini yetarli miqdorda ichimlik suvi bilan ta’minlash, ular uchun soyali dam olish joylari tashkil etish hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga qat’iy rioya etish zarurligi alohida ta’kidlangan.

 

Mutaxassislarning fikricha, yozning eng issiq soatlarida ochiq havoda uzluksiz mehnat qilish inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bois ish beruvchilarga xodimlarning mehnat va dam olish tartibini ob-havo sharoitidan kelib chiqib tashkil etish tavsiya etiladi.

 

Mazkur choralar obodonlashtirish xodimlarining sog‘lig‘ini asrash, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish hamda yozning jazirama kunlarida mehnat unumdorligini saqlab qolishga xizmat qiladi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash