Jamiyat / Kecha, 12:05 6005

Maktabgacha taʼlim tizimida milliy tarbiya modelini joriy etish masalalari muhokama qilindi

Toshkent shahri Olmazor tumani 441-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida “Maktabgacha taʼlimda milliy tarbiya modeli – kelajak avlod tarbiyasining strategik yoʻnalishi” mavzusida amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Tadbirda senatorlar, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, hududiy va tuman boʻlimlari rahbarlari hamda taʼlim sohasi mutasaddilari qatnashdi. Seminarda taʼlim va tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, maktabgacha taʼlimdan boshlab uzluksiz milliy tarbiya tizimini shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish soʻzida mamlakatimizda taʼlim olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengayganini, endilikda asosiy vazifa taʼlim va tarbiya sifatida oʻzgarishlarga erishishdan iborat ekanini taʼkidlab oʻtdi. Milliy tarbiya modeli oddiy tarbiyaviy tadbirlar majmui emas, balki maktabgacha taʼlimdan boshlab umumiy oʻrta, professional va oliy taʼlim bosqichlarigacha davom etadigan yagona, izchil va uzluksiz tizim hisoblanadi. Unda Vatanga muhabbat va milliy oʻzlikni anglash, maʼnaviy-axloqiy fazilatlar va halollik, inson qadr-qimmatiga hurmat, zoʻravonlikka murosasiz munosabatda boʻlish, oilaviy qadriyatlar, sogʻlom turmush tarzi, huquqiy madaniyat, mustaqil fikrlash, mehnatsevarlik, jamiyatga daxldorlik, tabiat va atrof muhitga masʼuliyatli munosabatni shakllantirish kabi ustuvor yoʻnalishlar qamrab olinishi nazarda tutilmoqda. Taʼkidlanganidek, tarbiya samaradorligi oʻtkazilgan tadbirlar yoki tayyorlangan hisobotlar soni bilan emas, balki bolaning xulq-atvori, dunyoqarashi va hayotiy koʻnikmalaridagi ijobiy oʻzgarishlar bilan baholanishi zarur. Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E.Karimova “Vatanparvar, millatparvar, bilimli, intizomli, tashabbuskor va Vatan taqdiriga daxldor avlodni tarbiyalash” shiori ostida ishlab chiqilgan, 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalarni qamrab oladigan uzluksiz Milliy tarbiya modelining mohiyati va strategik ahamiyati haqida axborot berdi. Mazkur loyiha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan Senat muvofiqlashtiruvida tashkil etilgan maxsus ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilmoqda. Milliy tarbiya modelini samarali joriy etish uchun pedagoglarni tayyorlash va qoʻllab-quvvatlash, ularni zamonaviy metodika va sifatli milliy kontent bilan taʼminlash, ota-onalar, mahalla va jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi. Tadbir doirasida seminar ishtirokchilari maktabgacha taʼlim tashkilotining yangi qurilgan binolari bilan tanishdi. Shuningdek “Oʻzbek tilini oʻynab oʻrganamiz” platformasi taqdimoti ham oʻtkazildi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash