Joriy yilning 20–21-oktabr kunlari Oliy Majlis Senatida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqoti doirasida “Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonda ayollar tadbirkorligi: iqtisodiy integratsiya, yangi imkoniyatlar va barqaror mintaqaviy hamkorlik” mavzusida onlayn biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston raisligida tashkil etilgan forumda mintaqa davlatlari parlamentlari, savdo-sanoat palatalari, biznes uyushmalari, moliya institutlari hamda tadbirkorlik tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, biznesni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, elektron savdo va raqamli marketing yo‘nalishlarida qo‘shma o‘quv dasturlari hamda tajriba almashish tashabbuslarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflar bildirildi.
Forum yakunida tadbirkor ayollar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 9 ta memorandum, 2 ta kelishuv va 7 ta shartnoma tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur hujjatlarni joriy yil dekabr oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqoti doirasida o‘tkaziladigan tadbirda imzolash rejalashtirilgan.