Siyosat / 21-Oktabr, 11:48 21

Qirg‘iziston Prezidenti TurkPAga a’zo davlatlar parlamentlari rahbarlari bilan uchrashdi

2026-yil 21-oktabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov TurkPA Kengashining 15-yalpi majlisi doirasida Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasiga (TurkPA) a’zo mamlakatlar parlamentlari rahbarlari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda parlamentlar rahbarlari samimiy qabul uchun Prezident Sadir Japarovga minnatdorlik bildirib, Qirg‘izistonning turkiy dunyo birligini mustahkamlashga qo‘shayotgan salmoqli hissasini alohida ta’kidladilar.

Jumladan, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning siyosiy irodasi hamda o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti tufayli O‘zbekiston–Qirg‘iziston strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Sadir Japarov Bishkek shahrida o‘tkazilayotgan mazkur tadbir qardosh davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik tobora mustahkamlanib borayotganining yaqqol dalili ekanini ta’kidladi.

Muloqot davomida TurkPAning parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, integratsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash hamda qardosh xalqlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishdagi muhim o‘rni alohida qayd etildi.

Shuningdek, Assambleya faoliyati turkiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Teglar
#Siyosat
Baholash