Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan Yoshlar parlamenti va BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (UNFPA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan «Orzudan kelajakka: qizlarning huquqlari, tanlovi va imkoniyatlari» onlayn kampaniyasiga start berildi.
Tadbirda yoshlar, davlat organlari vakillari, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yetakchi xotin-qizlar, ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Muhokamalarda Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova, UNFPAning O‘zbekistondagi doimiy vakili va Tojikiston bo‘yicha mamlakat direktori Nigina Abaszada hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari o‘rinbosari Renata Vrubel qatnashdi.
So‘zga chiqqanlar qizlarning sifatli ta’lim olishi, o‘z salohiyatini namoyon etishi va qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, yosh xotin-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish va jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Mazkur tashabbus Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan «Gender tenglikka erishish uchun zararli ijtimoiy me’yorlar va qarashlarni o‘zgartirish» (CHANGE) mintaqaviy dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonning barcha hududlaridagi xotin-qizlarni qamrab olishga qaratilgan kampaniya 2027-yil 8-martga qadar davom etadi.
Kampaniyaning asosiy maqsadi qizlarning huquqlari, erkin tanlovi va imkoniyatlari haqidagi muloqotni kengaytirish, ularning orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarishiga ko‘maklashadigan ijtimoiy muhitni mustahkamlashdan iborat.
Tadbir doirasida «Orzudan kelajakka» umummilliy onlayn media-chellenji ham taqdim etildi.