Siyosat / 13-Oktabr, 13:21 30

Oʻzbekiston — Germaniya hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Senat Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi Germaniya Bundestagining GFR — Markaziy Osiyo parlamentlararo hamkorlik guruhi rahbari K. Gyorke taklifiga binoan Berlin shahrida boʻlib turibdi.

Tashrif doirasida Sodiq Safoyev Germaniya Federal Prezidentining tashqi siyosat boʻyicha maslahatchisi Volfgang Zilberman bilan uchrashdi.

Muloqot chogʻida ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonchli munosabatlar alohida eʼtirof etildi. Shuningdek, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiy oʻsish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani taʼkidlandi.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, taʼlim hamda kasbiy tayyorgarlik sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga eʼtibor qaratildi. Xususan, nemis tilini oʻrganish imkoniyatlarini kengaytirish va ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

Iqtisodiy hamkorlik doirasida “Volkswagen” va “Henkel” kompaniyalari ishtirokidagi sanoat loyihalari, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, transport va raqamli infratuzilmani rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi oʻrni hamda “Markaziy Osiyo — Germaniya” formatidagi sammitlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, parlamentlararo muloqotni faollashtirish va oʻzaro manfaatli loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.

Teglar
#Siyosat
Baholash