Iqtisodiyot / 23-Iyul, 12:32 6210

Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi Xitoyning kambagʻallikni qisqartirish tajribasini oʻrgandi

Aholi bandligini taʼminlash, qishloq hududlarida yangi daromad manbalarini yaratish va mahalliy mahsulotlarni bozorga olib chiqish boʻyicha Xitoyda qoʻllanilayotgan amaliy mexanizmlar Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi tomonidan oʻrganildi.

Senatorlar Qobul Tursunov va Sayyora Abdikarimova Anxoy provinsiyasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishib, qishloq hududlarini modernizatsiya qilish va kambagʻallikni qisqartirishda mahalliy imkoniyatlardan foydalanish tajribasiga alohida eʼtibor qaratdi.

Xususan, aholining barqaror daromad olishini taʼminlashda quyosh panellaridan foydalanish, agroturizmni rivojlantirish, kasanachilik va hunarmandchilikni qoʻllab-quvvatlash amaliyoti oʻrganildi. Shuningdek, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni kafolatli sotish tizimi va bu mexanizmning aholi bandligiga taʼsiri bilan tanishildi.

Tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan uchrashuvlar ham oʻtkazildi. Xitoy xalqining xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik jamiyati (CPAFFC) rahbariyati bilan muzokaralarda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi xalq diplomatiyasi hamda parlamentlararo aloqalarni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, hududlar oʻrtasida amaliy aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Xitoyda oʻrganilgan tajriba qishloq hududlarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, yangi ish oʻrinlari va qoʻshimcha daromad manbalarini yaratishga qaratilgan samarali yondashuvlarni Oʻzbekiston sharoitida qoʻllash imkoniyatlarini koʻrib chiqish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Teglar
#Iqtisodiyot
Baholash