Iqtisodiyot / 14-Oktabr, 11:57 19

Senator yadro fani va texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Yadro fani va uning tatbiq etilishi” mavzusidagi XII xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyaning ochilish marosimida Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov ishtirok etib, nutq so‘zladi.

U Yadro fizikasi institutining 70 yillik faoliyati davomida fundamental va amaliy fan rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasini alohida ta’kidladi. Xususan, yadroviy tibbiyot, energetika, radiatsiyaviy xavfsizlik, ekologiya va sanoat sohalarida erishilgan ilmiy yutuqlarning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

Tadbirda mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish, yadroviy texnologiyalardan iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda samarali foydalanish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash mamlakat taraqqiyotining muhim omillari ekani qayd etildi.

Xalqaro konferensiyada 10 ta xorijiy davlatdan 150 nafardan ortiq olim va mutaxassis, shuningdek, mamlakatimizning turli hududlaridagi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda oliy ta’lim muassasalaridan 60 nafardan ortiq olim qatnashdi.

Anjuman doirasida nazariy va eksperimental yadro fizikasi, yadroviy tibbiyot, radiatsiyaviy materialshunoslik, yadro energetikasi, ekologik xavfsizlik hamda yadroviy texnologiyalarni sanoatda qo‘llash bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Konferensiya davomida 160 dan ortiq ilmiy ma’ruza va ishlar taqdim etildi. E’tiborlisi, ishtirokchilarning qariyb 45 foizini 40 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlar tashkil etdi.

Teglar
#Iqtisodiyot
Baholash