Hududlarda elektr va gaz taʼminotidagi muammolarni bartaraf etish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni kuchaytirish hamda mahallalarda bandlik va kambagʻallikni qisqartirish bo‘yicha ishlar parlament va deputatlik nazoratining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva rahbarligida o‘tkazilgan muhokamada Prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishlarida energetika va mahallalar faoliyatiga oid belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosi ko‘rib chiqildi. Senatorlar va mahalliy Kengashlar deputatlarining bu jarayondagi masʼuliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.
Ayniqsa, elektr taʼminotidagi uzilishlar, avariyalar sonining ortishi, energiya yo‘qotishlari va hisoblagichlar bilan bog‘liq muammolar aholi hamda tadbirkorlarning eʼtirozlariga sabab bo‘layotgani taʼkidlandi. Shu bois elektr va gaz taʼminoti barqarorligi, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish, zarur zaxiralarni shakllantirish va kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish doimiy nazoratda bo‘lishi belgilandi.
Har bir senator va mahalliy Kengash deputatiga bir hafta muddatda o‘z saylov okrugidagi energetika sohasidagi vaziyatni joyiga chiqib o‘rganish tavsiya etildi. Aholi bilan uchrashib, mavjud muammolarni aniqlash, masʼul tashkilotlar bilan birgalikda ularni hal etish choralarini belgilash va ijrosini nazorat qilish vazifasi qo‘yildi.
Senat qo‘mitalari esa mahalliy Kengashlar bilan birgalikda hududlardagi tizimli muammolarni o‘rganib, ularni sayyor majlislarda muhokama qilishi hamda respublika darajasida yechim talab qiladigan masalalar bo‘yicha takliflar kiritishi belgilandi.
Muhokamada mahallalar faoliyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Aholi bandligini taʼminlash, kambag‘allikni qisqartirish, mikroloyihalarni amalga oshirish, ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish va davlat xizmatlarini aholiga yaqinlashtirish bo‘yicha ishlarning natijadorligi tahlil qilindi. Senatorlar va deputatlarga “mahalla yettiligi” bilan tizimli hamkorlik qilib, loyihalar ijrosini bevosita joylarda o‘rganish tavsiya etildi.
Shuningdek, Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida hududlarni obodonlashtirish, xavfsiz va ozoda muhit yaratish ishlariga aholini keng jalb etish muhimligi qayd etildi.
Muhokamalar yakunida davlat dasturlari va belgilangan vazifalarning hududlardagi real natijasini baholash, aholi murojaatlari bilan manzilli ishlash hamda mahalliy Kengashlarning nazorat vakolatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab olindi.