Iqtisodiyot / 10-Iyul, 15:06 5919

Oʻzbekistonning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi oʻrni yaxshilanishi toʻgʻrisidagi milliy maʼruza muhokama qilindi

Oʻzbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi natijalarida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar qayd etilmoqda. 2025-yilda mamlakat uchun ustuvor etib belgilangan 20 ta xalqaro reyting va indeksning 14 tasida koʻrsatkichlar yaxshilangan, 4 tasida avvalgi natijalar saqlanib qolgan. Yana 2 ta reyting boʻyicha natijalar eʼlon qilinmagan.

Bu haqda Oʻzbekistonning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilashga bagʻishlangan Milliy maʼruza muhokamasi davomida maʼlum qilindi. Unda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi masʼullari tomonidan mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy yoʻnalishlardagi natijalari tahlil qilindi.

Eng sezilarli natijalardan biri Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida kuzatildi. Oʻzbekiston ushbu indeksda birdaniga 19 pogʻonaga koʻtarilib, 167 ta davlat orasida 62-oʻrinni egalladi.

Shuningdek, mamlakat 2015-yildan buyon barqaror rivojlanish yoʻnalishida katta oʻzgarishlarga erishgan davlatlar qatoridan joy oldi. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida esa Oʻzbekiston yuqori taraqqiyot surʼatlarini namoyon etayotgan mamlakatlardan biri sifatida qayd etildi.

Bu natijalar barqaror iqtisodiy oʻsish bilan bir qatorda ijtimoiy rivojlanish, aholi farovonligini oshirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida olib borilayotgan ishlarning xalqaro baholash tizimlarida ham aks etayotganini koʻrsatadi.

Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida Oʻzbekiston 6 pogʻonaga yuqorilab, 193 ta davlat orasida 63-oʻrinni egalladi.

Ahamiyatli jihati, respublika elektron hukumatni rivojlantirish darajasi boʻyicha “yuqori” guruhdan “juda yuqori” guruhga oʻtgan 17 ta davlatdan biri boʻldi. Bu davlat xizmatlarini raqamlashtirish, elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va davlat boshqaruvida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning muhim natijalaridan biri sifatida baholandi.

Milliy maʼruzada iqtisodiy yoʻnalishdagi koʻrsatkichlarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Iqtisodiy erkinlik indeksida Oʻzbekiston 3 pogʻonaga yuqoriladi.

Mamlakatning xalqaro kredit reytinglarida ham ijobiy siljishlar kuzatilmoqda. Fitch Ratings va S&P tomonidan Oʻzbekistonning reyting bahosi “BB−”dan “BB” darajasiga koʻtarilgani, joriy yilda esa suveren kredit reytingi boʻyicha prognoz “barqaror”dan “ijobiy”ga yaxshilangani qayd etildi.

Bunday oʻzgarishlar faqat reytingdagi oʻrin bilan cheklanmaydi. Suveren kredit koʻrsatkichlarining yaxshilanishi mamlakatning xalqaro moliya bozorlaridagi ishonchliligini oshirish, xorijiy investorlar uchun tavakkalchilik darajasini kamaytirish hamda moliyaviy resurslarni yanada qulay shartlarda jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishi bilan ahamiyatlidir.

Soʻnggi yillarda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash alohida tizim sifatida shakllantirildi. Bunda maqsad faqat Oʻzbekistonning xalqaro roʻyxatlardagi oʻrnini koʻtarish emas, balki reytinglarda qoʻllaniladigan indikatorlar orqali davlat boshqaruvi va amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijadorligini baholashdan iborat.

Har yili tayyorlanadigan Milliy maʼruza orqali turli davlat organlarining faoliyati, xalqaro baholashlarda qayd etilgan oʻzgarishlar, mavjud muammolar hamda qonunchilikni takomillashtirish zarur boʻlgan yoʻnalishlar tahlil qilinmoqda.

Erishilgan natijalarda davlat organlarining oʻzaro hamkorligi bilan bir qatorda jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki ham muhim oʻrin tutayotgani taʼkidlandi.

Milliy maʼruzada faqat yuqori koʻrsatkichlar emas, Oʻzbekistonning ayrim xalqaro reyting va indekslardagi oʻrniga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar ham ochiq tahlil qilindi.

Xususan, ayrim sohalardagi korrupsiya holatlari, qonunlarga rioya etish bilan bogʻliq muammolar hamda matbuot erkinligi yoʻnalishidagi kamchiliklar xalqaro baholashlarda mamlakat natijalariga taʼsir qilayotgan omillar sifatida koʻrsatildi.

Shu sababli keyingi bosqichda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, past natija qayd etilgan indikatorlar bilan manzilli ishlash va masʼul davlat organlarining javobgarligini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Muhokama natijalari asosida Oliy Majlis Senati tomonidan tegishli qaror qabul qilindi. Unda muammoli yoʻnalishlar boʻyicha aniq tavsiyalar ishlab chiqish, parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, masʼul idoralar faoliyatining natijadorligini oshirish hamda xalqaro reytinglardagi koʻrsatkichlarga salbiy taʼsir etayotgan omillarni bartaraf qilishga qaratilgan qoʻshimcha choralarni amalga oshirish vazifalari belgilandi.

Shu tariqa, xalqaro reytinglardagi oʻsish mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash bilan birga, ichki islohotlarning qaysi yoʻnalishlarda samara berayotgani va qaysi sohalarda qoʻshimcha oʻzgarishlar zarurligini koʻrsatib beruvchi muhim mezon sifatida qaralmoqda.

Teglar
#Iqtisodiyot
Baholash