Siyosat / 19-Iyul, 22:23 19

Senat Raisi Tanzila Narbayeva Rossiya elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashdi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi koʻp qirrali strategik munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda muhim oʻrin tutadigan parlamentlararo aloqalarni faollashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar bugungi kunda ikki davlat rahbarlarining oʻzaro ishonchi, ochiq muloqoti va qatʼiy siyosiy irodasi asosida strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Elchi keyingi yillarda Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik yangi mazmun bilan boyib, oʻzaro tashriflar, qoʻshma tadbirlar va doimiy muloqot amaliy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, atom energetikasi, madaniy-gumanitar, taʼlim va parlamentlararo hamkorlik sohalarida amalga oshirilayotgan qoʻshma tashabbuslar va loyihalar ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqani alohida taʼkidlandi. Ayniqsa, hududlararo sheriklik doirasida amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar iqtisodiy faollikni oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshmoqda.

Suhbat yakunida tomonlar Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu jumladan parlamentlararo va hududlararo aloqalarni kengaytirish boʻyicha yaqin va samarali hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Teglar
#Siyosat
Baholash