Joriy yilning 12–14-oktabr kunlari Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo parlament platformasining sirkulyar iqtisodiyot bo‘yicha IV mintaqaviy muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobul Tursunov hamda Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Shuhrat Aslanov ishtirok etdi.
Biznes va innovatsion tadbirkorlik orqali sirkulyar iqtisodiyot, iqlim va investitsiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni kengaytirish mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari a’zolari, xalqaro tashkilotlar, biznes va moliya institutlari vakillari hamda “SWITCH-Asia” dasturining milliy koordinatorlari qatnashdi.
Muloqot davomida sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar mintaqa mamlakatlarida ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashib, biznes loyihalari va ilg‘or tajribalarni ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, sirkulyar iqtisodiyot loyihalarini moliyalashtirish, ularga iqlim moliyasini jalb qilish hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishlab chiqarish korxonasiga tashrif davomida sirkulyar iqtisodiyotning amaliy namunalari bilan ham tanishildi.
“Parlament amaliyot laboratoriyasi” sessiyasida esa sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari va siyosiy ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Tadbir doirasida senatorlar Tojikiston Respublikasi parlamentiga ham tashrif buyurib, mamlakatning qonunchilik jarayoni bilan tanishdilar.