Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Seulda Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vaziri Kim Yung Xun bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida bandlik, mehnat migratsiyasi, fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Kim Yung Xun O‘zbekiston bilan ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlikni yuqori baholab, o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Muloqot davomida Janubiy Koreya kompaniyalarini O‘zbekiston bilan hamkorlikka jalb etish, ish beruvchilar talablariga mos malakali kadrlar tayyorlash va ularni shaffof tanlov asosida ishga joylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, BMTning Global akselerator tashabbusi doirasida norasmiy bandlikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kengaytirish hamda yoshlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Janubiy Koreyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish, tibbiy sug‘urta va kompensatsiya to‘lovlari bilan bog‘liq masalalarda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorlik bildirildi.