Toshkentda oʻtkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi tashkilotning 2025-yil yakunlari boʻyicha Jenevada eʼlon qilingan yillik hisobotida alohida eʼtirof etildi. Markaziy Osiyoda ilk bor tashkil etilgan ushbu forum parlament diplomatiyasi va xalqaro parlamentlararo hamkorlikdagi muhim voqealardan biri sifatida qayd etilgan.
2025-yil 5–9-aprel kunlari boʻlib oʻtgan Assambleyaning tashkiliy darajasi, ishtirokchilar tarkibi hamda yakuniy natijalariga hisobotda alohida oʻrin ajratilgan. Xususan, parlament aʼzolari orasida ayollar ulushi 37 foizdan oshgani va bu 2022-yildan buyon Assambleyalarda qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkich ekani taʼkidlangan.
Parlamentlararo ittifoqning yillik maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda tashkilot tomonidan 80 ta xalqaro tadbir, jumladan 2 ta Assambleya hamda parlamentlar salohiyatini oshirishga qaratilgan 40 ta milliy tadbir oʻtkazilgan. Parlament aʼzolari huquqlarining buzilishi bilan bogʻliq 1 027 ta murojaat koʻrib chiqilgan, tashkilot faoliyati esa dunyo ommaviy axborot vositalarida qariyb 30 ming marta yoritilgan.
Hisobotda parlamentlar samaradorligini oshirish, siyosiy jarayonlarda xotin-qizlar va yoshlar ishtirokini kengaytirish, sunʼiy intellektni huquqiy tartibga solish, dezinformatsiyaga qarshi kurashish va iqlim oʻzgarishi masalalarida parlament nazoratini kuchaytirish 2025-yilning muhim yoʻnalishlari sifatida koʻrsatilgan.
Toshkent Assambleyasining asosiy natijalaridan biri - Toshkent deklaratsiyasi ham yillik hisobotda alohida qayd etildi. Hujjat parlamentlarni kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan yangi siyosiy yondashuvlarni ishlab chiqish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlarini hisobga oladigan demokratik iqtisodiyotni rivojlantirish hamda sunʼiy intellekt singari yangi texnologiyalarni samarali tartibga soluvchi institutlarni mustahkamlashga chaqiradi.
Assambleya doirasida taqdim etilgan “Parlamentlarda gender tengligiga erishish yoʻlidagi 10 ta amaliy harakat” xalqaro tashabbusi ham muhim natijalardan biri sifatida baholangan.
Oʻzbekiston tajribasiga baho berishda faqat Assambleyaning oʻtkazilishi emas, uning qarorlarini keyinchalik milliy darajada amalga oshirish mexanizmlariga ham eʼtibor qaratilgan. Jumladan, mamlakatda inson huquqlariga bagʻishlangan seminarlarning tashkil etilgani hamda Oliy Majlis Senati tomonidan Parlamentlararo ittifoq qarorlarini milliy rivojlanish kun tartibi bilan uygʻunlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilingani qayd etilgan.
Parlamentlararo ittifoq ekspertlari Oliy Majlis Senatining Assambleyada ilgari surilgan tashabbus va qabul qilingan qarorlarni izchil davom ettirish, ularni milliy darajada amaliyotga tatbiq etish borasidagi yondashuvini boshqa parlamentlar uchun ilgʻor tajriba sifatida baholagan.
Shu tariqa, Toshkentdagi 150-yubiley Assambleya nafaqat Markaziy Osiyoda ilk bor oʻtkazilgani, balki uning natijalarini amaliy davom ettirish mexanizmlari bilan ham Parlamentlararo ittifoqning yillik hisobotidan alohida oʻrin oldi.