Parlamentlararo ittifoq (PII) tomonidan Jenevada e’lon qilingan yillik hisobotda Toshkent shahrida o‘tkazilgan 150-yubiley Assambleyasi tashkilotchilik va mazmun jihatidan ilg‘or tajriba sifatida alohida e’tirof etildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan ushbu nufuzli xalqaro tadbir parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi hamda ochiq muloqot, parlament diplomatiyasi va barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surishda muhim maydonga aylandi.
Hisobotda Assambleya doirasida raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash, ekologik barqarorlik tamoyillariga amal qilish, delegatsiyalar uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda tadbirning yuqori tashkiliy darajada o‘tkazilgani alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganini, shuningdek, mamlakat parlamentining xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari yuksak baholanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.