Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Bektemir tumani Kengashining qo‘shma yig‘ilishida jamoat xavfsizligini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Tadbirda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov, tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar organlari hamda tegishli idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Prezidentimizning jamoat xavfsizligini ta’minlashga oid qarorlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar tahlil qilinib, erishilgan natijalar va mavjud muammolar muhokama etildi.
Qayd etilganidek, tumanda zamonaviy xavfsizlik infratuzilmasini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mahallalar, aholi gavjum hududlari, ko‘p qavatli uylar, asosiy ko‘chalar hamda yirik savdo majmualariga 200 dan ortiq videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Bundan tashqari, 291 ta turar joy va 274 ta savdo hamda xizmat ko‘rsatish obyektlari texnik qo‘riqlash tizimiga ulangan. 223 ta ko‘p qavatli uy kirish qismiga domofonlar o‘rnatilib, begona shaxslarning nazoratsiz kirishining oldi olinmoqda.
Shuningdek, "Qo‘yliq" va "FOOD CITY" bozorlarida situatsion markazlar hamda "Huquq-tartibot maskani" faoliyati yo‘lga qo‘yilgani jamoat tartibini saqlash va tezkor nazoratni ta’minlashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Majlisda ijtimoiy profilaktika yo‘nalishidagi ishlar ham alohida e’tirof etildi. Xususan, Mudofaa vazirligi gospitali shifokorlari ishtirokida tumanning 18 ta mahallasida bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, 5 mingga yaqin keksa fuqarolar, xotin-qizlar va bolalarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Yig‘ilish yakunida jamoat xavfsizligini yanada mustahkamlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish hamda aholi osoyishtaligini ta’minlash yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.