Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademik Obid Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti faoliyati bilan bog‘liq masalalarni o‘rgandi.
O‘rganish davomida institut rahbariyati va yetakchi olimlar ishtirokida ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, mahalliy dori vositalari ishlab chiqarishni kengaytirish hamda farmatsevtika infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PF–138-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi, jumladan, institut huzurida xalqaro GMP va GLP standartlariga javob beradigan laboratoriyalar hamda ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish holatiga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, institut olimlari tomonidan yaratilgan 20 dan ortiq istiqbolli dori vositalarini ishlab chiqarishga joriy etish, onkologik va virusli kasalliklarga qarshi yangi preparatlar yaratish hamda mavjud infratuzilmani takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
O‘rganish yakunida ushbu yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirish, moliyalashtirish manbalarini aniqlash va mavjud muammolarni hal etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.