Jamiyat / 26-Oktabr, 17:38 24

Kinotanqidchilar fikri va ijodiy sifatga e’tibor kuchaytirilishi kerak

Prezidentimiz professional kinotanqidchilar fikri bilan yetarlicha hisoblashilmayotganini qayd etdi.

— Qolaversa, xolis tahlil ijodkorga o‘z kamchiliklarini ko‘rish va o‘sish imkonini beradi-ku! — dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, kino loyihalarini moliyalashtirishda qo‘llanilayotgan davlat buyurtmasi va xaridi tizimida ham qator muammolar mavjudligi ta’kidlandi. Eskidan qolgan “goszakaz” tizimi zamonaviy kinoindustriya talablariga javob bermayotgani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, bir vaqtning o‘zida bitta rejissyorga oltitagacha, bir muallifga esa yettitagacha loyiha biriktirilgan. Bunday yuklama har bir asar ustida puxta ishlash imkoniyatini cheklaydi. Buyurtmalarning qariyb yarmi davlat studiyalariga berilgani esa xususiy ijodkorlar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratishga to‘sqinlik qilgan.

Natijada kuchli ssenariy va sifatli film yaratishdan ko‘ra, topshiriqlarni tezroq yakunlash ustuvor mezonga aylangan.

Davlatimiz rahbari ijodkor mehnatining haqiqiy natijasi tomoshabinni chuqur o‘yga toldiradigan, uning qalbida iz qoldiradigan film bilan baholanishi kerakligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, ssenariy suratga olish jarayonida boyitilishi, ijodiy yechimlar esa o‘zgarishi mumkinligi qayd etildi. Shu sababli san’at asarini oddiy tovar yoki qurilish obyekti kabi texnik topshiriqlar asosida xarid qilish to‘g‘ri emasligi ta’kidlandi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash