Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Marufova fuqarolar qabulini o‘tkazdi.
Qabul davomida bandlik, uy-joy, majburiy ijro hamda davlat organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga oid 40 ga yaqin murojaat ko‘rib chiqildi.
Jumladan, fuqaro A. Ro‘zmetov va boshqa yurtdoshlarimizning xorijda mehnat qilish hamda bandlik masalalariga oid jamoaviy murojaati Migratsiya agentligi vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Fuqarolarga xorijda qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi tushuntirilib, ularning savollariga huquqiy izohlar berildi.
Shuningdek, E. Mamadjanova va A. Tulolovning davlat organi mansabdor shaxsi xatti-harakatlariga, S. Ziyodullayevning esa majburiy ijro masalasiga oid murojaatlari qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganish va tegishli choralar ko‘rish uchun qabul qilindi.
Fuqaro Sh. Kenjayevaning uy-joy bilan bog‘liq murojaati tegishli xalq deputatlari Kengashiga yo‘naltirildi. Masalani hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rib chiqilishi bildirilib, murojaat senatorlik nazoratiga olindi.
Qabul davomida Buxoro viloyati adliya boshqarmasi va tuman hokimligi vakillari bilan hamkorlikda murojaatchining nabiralariga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarni rasmiylashtirish hamda moddiy yordam ko‘rsatish masalalari ham hal etildi.
Bundan tashqari, Yangiyer shahri va Yangi Namangan tumanidan kelgan fuqarolarning ijara shartnomalari asosidagi to‘lovlar bilan bog‘liq muammolari viloyat mutasaddilari bilan hamkorlikda ijobiy hal qilindi.
Qabul yakunida qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar yuzasidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borish, mavjud muammolarga qonuniy yechim topish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.