Jamiyat / 28-Oktabr, 11:37 22

Jizzaxda chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish ishlari o‘rganildi

Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi ishchi guruhi Jizzax viloyatining Arnasoy va Zarbdor tumanlarida chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish, ozuqa bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Arnasoy tumanida chorvachilik uchun ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida oltita mahallada silos xandaklari tashkil etilib, 7,4 ming tonna silos tayyorlangan. “Sangzor” fermer xo‘jaligida esa 210 bosh naslli qoramol parvarishlanib, kuniga 1,5 tonna sut ishlab chiqarilmoqda.

Shuningdek, ishchi guruh Zarbdor tumanidagi “Zarbdor parranda” MCHJ faoliyatini o‘rgandi. Ayni paytda kompleksda 350 ming bosh parranda parvarishlanmoqda. Ishlab chiqarish quvvatini oshirish maqsadida yana 150 ming bosh parranda saqlashga mo‘ljallangan yangi kompleks qurilmoqda.

Bundan tashqari, “Pardavoy Umurzoqov” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Zotdor chorva samarasi” fermer xo‘jaligida xorijdan keltirilgan 180 bosh naslli qoramol boqilmoqda. Xo‘jalik tomonidan shu kungacha bozorga 108 tonna go‘sht yetkazib berilgan.

O‘rganishlar yakunida chorvachilik va parrandachilikda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, naslchilikni rivojlantirish, ozuqa ta’minotini yaxshilash hamda aholini sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlash masalalari yuzasidan mas’ullarga tegishli taklif va tavsiyalar berildi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash