Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-ijroiya va Mehnat kodekslariga, shuningdek, qator qonun hujjatlariga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, bunday jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatining o‘tib ketganligi qo‘llanilmaydi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish hamda muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlanmoqda.
Sud-tergov jarayonlarida bolalarni qayta ruhiy jarohatlanishdan himoya qilish maqsadida zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchini yuzlashtirishni esa faqat tegishli protsessual qaror yoki sud ajrimi asosida o‘tkazish belgilanmoqda.
Bundan tashqari, bolaga protsessual jarayonning boshidanoq davlat hisobidan bepul advokat ajratish tizimi joriy etilmoqda.
Ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlari tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun alohida asos kiritilmoqda.
Ota-onalarning bolalarga yetarlicha g‘amxo‘rlik ko‘rsatmasligi, shahvoniy shilqimlik, nikoh yoshiga oid talablarni buzish hamda bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaslik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish ham nazarda tutilgan.
Senatorlar qayd etganidek, mazkur qonun bolalarni zo‘ravonlikning turli shakllaridan himoya qilish, jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash hamda voyaga yetmaganlar uchun xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan.
Muhokama yakunida Senat a’zolari Qonunni ma’qulladi.