Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida fuqarolar hamda yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash, shuningdek, intellektual mulkni himoya qilish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Jumladan, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlarini Konstitutsiyaviy sud orqali himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun ko‘rib chiqildi. Hujjat bilan Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunga ko‘ra, muayyan ishda qo‘llangan qonun Konstitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topilgan taqdirda, ushbu ish bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatini qayta ko‘rib chiqishning aniq huquqiy asoslari belgilanadi.
Shuningdek, sudlar tashabbusi bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat yuborilganda, ish yuritishni vaqtincha to‘xtatib turish tartibi mustahkamlanmoqda.
Majlisda intellektual mulk obyektlarining fuqarolik muomalasidagi aylanmasini oshirish va patent vakillarining huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun ham muhokama qilindi.
Mazkur hujjatda intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ixtirolar, seleksiya yutuqlari va tovar belgilarini garovga qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomalarni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini belgilash nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, patent vakillarining sud jarayonlarida ishtirok etishi, intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishi yoki ularning qiymati pasayishi bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga solish bo‘yicha normalar kiritilmoqda.
Senatorlar ushbu qonunlarning qabul qilinishi Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, odil sudlov mexanizmlarini takomillashtirish hamda intellektual mulk egalarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.