Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Qonunning asosiy maqsadi ma’muriy organlar faoliyatida yagona huquqiy standartlarni belgilash hamda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirishdan iborat.
Hujjatda ma’muriy tartib-taomillarning muhim prinsiplari, dalillarni to‘plash, ma’muriy aktlarni qabul qilish va ijro etish bosqichlarini tartibga soluvchi qator normalar nazarda tutilgan. Ular davlat organlari faoliyatining qonuniyligini ta’minlash va fuqarolar huquqlarini himoya qilishning protsessual kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan.
Biroq muhokamalar davomida senatorlar Qonunda amaliyotda qo‘llashda qiyinchilik tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ayrim tizimli huquqiy muammolar, kamchiliklar va bo‘shliqlar mavjudligini ta’kidladilar. Shuningdek, ayrim huquqiy tushunchalar yetarlicha aniq belgilanmagani qayd etildi.
Xususan, Qonunda ma’muriy aktlar ustidan sudga qadar shikoyat qilish sudda nizolashishning majburiy sharti sifatida belgilanmoqda. Senatorlar ushbu norma O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida kafolatlangan fuqarolarning o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqi bilan bog‘liq masalalarni yuzaga keltirishini qayd etdilar.
Shuningdek, ma’muriy organlar tomonidan qarorlar qabul qilish va ulardan shikoyat qilish tartiblarining yetarlicha aniq va mukammal belgilanmagani amaliyotda fuqarolar manfaatlarini to‘liq himoya qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bildirildi.
Qonunda nazarda tutilgan ayrim talablarni mahalliy davlat organlari tomonidan to‘liq amalga oshirish uchun zarur tashkiliy-huquqiy va infratuzilmaviy sharoitlar ham yetarli darajada baholanmagani ta’kidlandi.
Senatorlarning fikricha, ma’muriy tartib-taomillarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjati to‘liq va mukammal bo‘lishi, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini amalda samarali himoya qilishga xizmat qilishi lozim.
Muhokama yakunida Senat a’zolari Qonunni taqdim etilgan tahrirda ma’qullash maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga kelib, uni rad etdilar.