Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida energetika, suv resurslari, muhim minerallar va raqamli texnologiyalar sohalarida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Davlat rahbari kam uglerodli energetika salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma konsepsiya ishlab chiqishni taklif qildi. Mazkur hujjat yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, energiyani saqlashning zamonaviy tizimlarini rivojlantirish hamda yangi energetika yo‘laklarini yaratishni muvofiqlashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni to‘liq amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik davridan Jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish, yangi ekologik loyihalarni amalga oshirish va qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni jalb etishda samarali foydalanishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, suv resurslaridan foydalanish masalalarida Afg‘oniston bilan doimiy va mazmunli muloqotni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Mirziyoyev muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy alyans tashkil etish tashabbusi doirasidagi ishlarni faollashtirishni taklif qildi. Markaziy Osiyoning muhim minerallar zaxiralari yagona raqamli xaritasini yaratish ushbu yo‘nalishdagi dastlabki qadamlardan biri bo‘lishi mumkinligi bildirildi.
Bundan tashqari, mamlakatlar imkoniyatlarini birlashtirish orqali umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratishni boshlash hamda yuqori talabga ega kasb va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqish taklif etildi. Ushbu atlasda mutaxassislar tanqis bo‘lgan va yaqin yillarda ularga talab ortishi kutilayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha mamlakatlarning prognoz ma’lumotlarini birlashtirish ko‘zda tutiladi.
Prezident mintaqaviy hamkorlikning asosiy maqsadini “Taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida birdamlik va ishonch” tamoyili bilan ifodaladi. Davlat rahbari kelgusi avlodlarga tinch, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan kuchli mintaqani qoldirish zarurligini ta’kidladi.