Namangan viloyatida taʼlim va tibbiyot muassasalaridagi sharoitlar, qurilish va rekonstruksiya ishlarining sifati hamda fuqarolarni qiynayotgan masalalar senator tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.
Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov xizmat safari davomida Kosonsoy tumanidagi 14-sonli umumtaʼlim maktabida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. Qurilish sifati va obyektni belgilangan muddatda foydalanishga topshirish masalalari yuzasidan masʼullarga tegishli vazifalar belgilandi.
Tumandagi oilaviy shifoxonada esa aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar, mavjud infratuzilma va fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Tibbiy xizmatlar sifati va muassasa faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Namangan shahridagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarida ham o‘rganishlar olib borildi. Asosiy eʼtibor taʼlim sifati, bolalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda rekonstruksiya ishlarining belgilangan talablar asosida bajarilishiga qaratildi.
Tashrif davomida aholi bilan ochiq muloqot va sayyor qabullar tashkil etildi. Fuqarolar ko‘targan ayrim masalalar joyida hal etilib, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar nazoratga olindi. Ular yuzasidan tegishli davlat organlariga deputatlik so‘rovlari yuborilishi belgilandi.
Xususan, Kosonsoy tumanining “Yoshlik” mahallasida ichimlik suvi taʼminoti bilan bog‘liq muammo bevosita joyida o‘rganilib, uni bartaraf etish uchun zarur choralar belgilandi.
Muloqotlarda Senat tomonidan maʼqullangan qonunlarning aholi hayotidagi amaliy ahamiyati ham tushuntirildi. Shu bilan birga, qonunlar ijrosini taʼminlash, ijtimoiy obyektlardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va fuqarolar murojaatlariga manzilli yechim topish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.