Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi ishchi guruhning Navoiy viloyatiga tashrifi davomida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari Qiziltepa tumanidagi Azizobod va Zarmitan, Karmana tumanidagi Sardoba, Nurota tumanidagi Saidato, G‘ofur G‘ulom hamda Mustaqillik mahallalarida yashovchi ehtiyojmand oilalar xonadonlariga tashrif buyurdi. Muloqotlar davomida oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, mavjud muammolari va ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhokama qilindi.
Viloyatni yil yakuniga qadar ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsadida ishsiz fuqarolar va kambag‘al oilalarni yangidan xatlovdan o‘tkazish ishlari boshlangan. Ushbu jarayonda har bir oilaning holati va ehtiyojlari batafsil o‘rganilmoqda.
Bunda bandlik va daromad bilan bir qatorda, tibbiy yordam, ta’lim, bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlari va to‘garaklarga jalb etish, uy-joy sharoitini yaxshilash kabi ijtimoiy masalalarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Mahalla yettiligi” a’zolari tomonidan xotin-qizlar muammolari, aholi salomatligi, ijtimoiy faollik va boshqa dolzarb masalalar aniqlanmoqda.
Xatlov natijalariga ko‘ra, har bir oila uchun individual reja ishlab chiqilmoqda. Asosiy maqsad bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanmasdan, oilalarni barqaror va doimiy daromad manbaiga ega qilishdan iborat.
Senat Raisi kambag‘allikni qisqartirishda umumiy yondashuvdan voz kechib, har bir oilaning imkoniyati, ehtiyoji va muammosidan kelib chiqib ishlash zarurligini ta’kidladi. Belgilangan vazifalar ijrosini muntazam nazorat qilish hamda har bir chora-tadbirning aniq natija bilan yakunlanishini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, viloyatdagi 18 mingdan ziyod vakant ish o‘rnidan samarali foydalanish, ishsiz fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar, yoshlar va kambag‘allik chegarasida yashayotgan oilalar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.