Odam savdosining yangi shakllari, ayniqsa, raqamli makonda yuzaga kelayotgan tahdidlarga qarshi kurashish, jabrlanuvchilarni erta aniqlash va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha yangi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Oliy Majlis Senatida “O‘zgarib borayotgan dunyoda odam savdosiga qarshi kurashish: profilaktika, himoya va hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Tadbir Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.
Anjumanda davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-huquq tizimi, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, fuqarolik jamiyati institutlari hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari ishtirok etdi. Asosiy eʼtibor onlayn yollash platformalari, firibgarlik sxemalari va transmilliy jinoiy tarmoqlarning raqamli texnologiyalardan foydalanishi natijasida paydo bo‘layotgan xavflarga qaratildi.
Senat Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva odam savdosiga qarshi kurashishda profilaktika hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, “Odam savdosiga qarshi kurashdagi eng katta yutuq – jabrlanganlarni qutqarish emas, balki yangi jabrlanuvchilarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdir”. Shu nuqtayi nazardan, huquqiy madaniyatni oshirish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ijtimoiy himoya mexanizmlarini takomillashtirish muhim vazifa sifatida ko‘rsatildi.
Konferensiyada Prezidentning odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan yangi Farmoniga ham alohida eʼtibor qaratildi. Hujjat jabrlanganlarni erta aniqlash, ularning ehtiyojlarini baholash hamda ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar bilan kompleks qamrab olishning yangi tizimini joriy etishni nazarda tutadi.
Uchta tematik sessiyada raqamli tahdidlar va ekspluatatsiyaning yangi shakllarini oldini olish, jabrlanganlarni aniqlash va himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, ularni reabilitatsiya qilish hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Odam savdosiga qarshi kurash faqat jinoiy taʼqib bilan cheklanmasdan, migratsiya, bandlik, taʼlim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya yo‘nalishlarini ham qamrab olishi zarurligi qayd etildi.
Markaziy Osiyo miqyosida jabrlanganlarni transchegaraviy yo‘naltirish mexanizmlarini takomillashtirish, vakolatli organlar o‘rtasida tezkor axborot almashinuvini kuchaytirish, mutaxassislar uchun qo‘shma o‘quv dasturlarini tashkil etish va parlamentlararo muloqotni tizimli rivojlantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Konferensiya yakunida odam savdosining oldini olish, jabrlanuvchilarni samarali himoya qilish va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan kommunike qabul qilindi.