Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga mamlakatda oila institutini mustahkamlash hamda nikohdan ajralishlarning oldini olish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-maydagi 257-sonli qarori asosida respublikaning 208 ta tuman va shahrida “Oila va xotin-qizlar maskanlari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida nikohlanuvchilar uchun 16 soatlik “Maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqildi. 2026-yilning birinchi yarmida mamlakatda 93 312 ta nikoh qayd etilib, 96 673 nafar yosh mazkur kurslarda o‘qitildi.
Oilaviy nizolarni bartaraf etish borasida ham muayyan natijalarga erishildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda nikohdan ajratishga doir ishlarni ko‘rib chiqish jarayonida 2025-yilda 5 235 ta, 2026-yilning birinchi yarmida esa 2 666 ta holatda taraflar yarashtirildi.
Shuningdek, nizoli oilalar bilan manzilli ishlashga mo‘ljallangan ayol.gov.uz platformasida “Oila” profili moduli ishga tushirildi. Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan oilaviy nizolarni barvaqt aniqlash, mas’uliyatli ota-onalikni rivojlantirish hamda mediatsiya usullarini qo‘llashga qaratilgan ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlandi.
Shu bilan birga, muhokamada yechimini kutayotgan masalalarga ham e’tibor qaratildi. Xususan, 2026-yilning o‘tgan davrida oilaviy nizolar bo‘yicha atigi 151 ta mediativ kelishuv tuzilgani mediatorlarning mavjud imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotganini ko‘rsatishi ta’kidlandi.
Senatorlar nikohlanuvchi yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha o‘quvlar sifati va amaliy samaradorligini oshirish, nizoli oilalarga psixologik, huquqiy hamda ijtimoiy yordamni manzilli ko‘rsatish, erta nikohlarning oldini olish va ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga keng tatbiq etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirdi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.