Jamiyat / 26-Oktabr, 17:34 21

Olmazor tumanida jinoyatchilikning oldini olish choralari muhokama qilindi

Xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashining navbatdagi majlisida mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Majlisda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov, tuman Kengashi deputatlari, hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ta’lim muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Muhokamada Prezidentning mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan 2025-yil 3-yanvardagi PQ–1-sonli hamda 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1-sonli qarorlari ijrosi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Tuman ichki ishlar organlari mas’ulining amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi.

Qayd etilishicha, tumandagi 64 ta mahallaning 9 tasi yashil, 55 tasi sariq toifaga kiritilgan. Qizil toifadagi mahallalar mavjud emas.

Senator jinoyatchilik bilan bog‘liq salbiy ko‘rsatkichlar qayd etilgan hududlarda profilaktika ishlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Mahalla raislari va “mahalla yettiligi” vakillariga huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablarini aniqlash, hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish hamda muammolarni bartaraf etishga qaratilgan manzilli choralarni belgilash yuzasidan tavsiyalar berildi.

Yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ta’lim muassasalari mas’ullari va profilaktika inspektorlariga yoshlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish tavsiya etildi.

Tashrif davomida tuman hokimligi binosidagi situatsion markaz faoliyati ham o‘rganildi. Murojaatlarga tezkor munosabat bildirish tizimi, shtab faoliyati va mas’ullarning vazifalari ko‘rib chiqilib, ish samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati va mavjud muammolar o‘rganildi. Aholi xavfsizligini ta’minlash, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va mas’ul idoralar hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash