Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirishga qaratilgan rezolyutsiyani qabul qildi. 24-iyul kuni qabul qilingan hujjatga dunyoning turli mintaqalaridan 61 ta davlat hammuallif boʻldi.
Rezolyutsiyada parlamentlarning 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi amaliy vazifalari belgilab berilgan. Xususan, milliy qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, kambagʻallikni qisqartirish, munosib bandlikni taʼminlash, sifatli taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish va ijtimoiy integratsiyani qoʻllab-quvvatlashda parlamentlarning faol ishtiroki muhim ekani qayd etilgan.
Hujjatda xotin-qizlar va yoshlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy rivojlanishda raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda rivojlanayotgan mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Rezolyutsiyada Toshkentda oʻtkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi va uning yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi ham eʼtirof etildi. Mazkur hujjatda ilgari surilgan ijtimoiy adolat va parlamentlar orqali ijtimoiy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash tamoyillari BMT darajasidagi yangi rezolyutsiyada oʻz aksini topdi.
BMTga aʼzo davlatlarga Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish va uning natijalarini monitoring qilishda parlamentlarni faolroq jalb etish tavsiya qilindi. Bu ixtiyoriy milliy sharhlarni tayyorlash, davlatlarning xalqaro majburiyatlari ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni kengaytirishni ham nazarda tutadi.
Shuningdek, BMT doirasidagi yirik xalqaro tadbirlarda parlament aʼzolari ishtirokini kengaytirish hamda ijtimoiy taraqqiyot natijalarini aniq baholash uchun milliy statistika tizimlarini takomillashtirish zarurligi qayd etilgan.
Rezolyutsiya loyihasini kelishish jarayonida Oʻzbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan qator maslahatlashuv va ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazildi. Natijada turli davlatlarning manfaatlarini hisobga olgan holda muvozanatli hujjat shakllantirildi.
61 davlatning hammuallifligi Oʻzbekiston ilgari surayotgan ijtimoiy adolat, barqaror rivojlanish va parlamentlararo hamkorlikka oid tashabbuslarning xalqaro miqyosda keng qoʻllab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi.