Jamiyat / 16-Iyul, 21:39 7625

Parlament nazorati amaliyotda: uy-joy kommunal xoʻjaligini raqamlashtirish jarayonlari oʻrganildi

Uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida xizmatlar sifatini oshirish, boshqaruv kompaniyalari faoliyatida shaffoflikni taʼminlash va aholi uchun elektron xizmatlarni kengaytirishga qaratilgan ishlar senatorlar tomonidan amaliy jihatdan oʻrganildi.

Avvalroq boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati yuzasidan parlament soʻrovi oʻtkazilib, sohadagi tizimli muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan edi. Ushbu vazifalar ijrosini joyida baholash maqsadida Senat aʼzolari Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Asosiy eʼtibor sohani raqamlashtirish va kommunal xizmatlarni aholi uchun yanada qulay hamda shaffof qilishga qaratildi. Xususan, “Mening uyim” axborot platformasi orqali mulkdorlarga yaratilgan imkoniyatlar koʻrib chiqildi.

Platforma yordamida fuqarolar oʻz xonadoni boʻyicha majburiy badallar va kommunal toʻlovlarni real vaqt rejimida kuzatishi, onlayn toʻlovlarni amalga oshirishi mumkin. Shuningdek, xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv kompaniyasi faoliyatini baholash, avariya holatlari yoki boshqa kommunal muammolar yuzasidan elektron murojaat yuborish imkoniyati ham yaratilgan.

Oʻrganish davomida raqamlashtirishni faqat toʻlov va murojaatlar tizimi bilan cheklab qolmasdan, undan koʻp xonadonli uylarning texnik holatini nazorat qilishda ham keng foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Bu jarayonda inson omilini imkon qadar kamaytirish muhim vazifalardan biri sifatida koʻrsatildi.

Senatorlar uylarning texnik holati, muhandislik tarmoqlari, mavjud nosozliklar va taʼmirlashga boʻlgan ehtiyoj haqidagi maʼlumotlarni yagona tizimda real vaqt rejimida yuritish va muntazam yangilab borish boʻyicha takliflar bildirdi.

Bunday mexanizm qaysi uy yoki infratuzilma obyektida taʼmirlash ishlari birinchi navbatda zarurligini aniq belgilash, mavjud mablagʻlarni manzilli yoʻnaltirish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni oldindan rejalashtirish imkonini beradi. Oʻrganish parlament nazoratida masʼul tashkilotlarning hisobotlarini eshitish bilan cheklanmasdan, belgilangan vazifalarning amalda qanday bajarilayotganini joyiga chiqib baholash muhimligini koʻrsatdi. Uy-joy kommunal xoʻjaligini raqamlashtirish boʻyicha bildirilgan taklif va tavsiyalar sohada shaffoflikni oshirish, xizmatlar sifatini yaxshilash hamda fuqarolar murojaatlariga tezkor munosabat bildirishga qaratildi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash