Jamiyat / 21-Iyul, 14:29 5243

Qashqadaryo mahallalaridagi dolzarb muammolar joyiga chiqib oʻrganildi

Qashqadaryo viloyatida fuqarolar murojaatlarida koʻtarilgan muammolarning amalda qay darajada hal etilayotgani, mahallalardagi infratuzilma va aholiga koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar holati senatorlar tomonidan oʻrganildi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov hamda senator Zumrad Bekatova Qarshi shahridagi “Arabxona”, “Choʻlquvar”, “Tabassum” hamda Qarshi tumanidagi “Bunyodkor” mahallalarida aholi bilan bevosita muloqot oʻtkazdi.

Oʻrganishlarda yoʻllar holati, ichimlik suvi va elektr energiyasi taʼminoti, obodonlashtirish, bandlik, ijtimoiy himoya hamda tibbiy xizmat sifati kabi kundalik hayotga bevosita taʼsir qiluvchi masalalarga asosiy eʼtibor qaratildi. Avvalgi murojaatlar boʻyicha amalga oshirilgan ishlar joyida koʻzdan kechirilib, masʼul tashkilotlar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Aholi bilan muloqot davomida bajarilgan ishlarning natijasi va mavjud kamchiliklar yuzasidan fuqarolarning fikrlari ham oʻrganildi. Bu orqali murojaatlarni faqat hujjatlar asosida emas, balki ularning amaliy yechimi va aholi hayotidagi natijasi boʻyicha baholashga eʼtibor qaratildi.

Xususan, “Arabxona” mahallasi aholisining ehtiyojidan kelib chiqib, 7-sonli oilaviy poliklinikada chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi. Unda 318 nafar fuqaro tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilib, sogʻligʻi boʻyicha xavf guruhiga kiruvchi shaxslar aniqlandi. Qoʻshimcha tekshiruv yoki davolanishga ehtiyoji boʻlgan fuqarolarga tegishli yoʻllanmalar berildi.

Shuningdek, aholiga kasalliklarning oldini olish, sogʻlom turmush tarziga rioya qilish, toʻgʻri ovqatlanish va muntazam tibbiy koʻrikdan oʻtish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Oʻrganishlar mahallalardagi muammolarni manzilli hal etish, fuqarolar murojaatlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda aholi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni yaxshilashga qaratildi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash