Jamiyat / 10-Iyul, 10:28 6039

Qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan qonun muhokama qilindi

Senatning 17-yalpi majlisida “Ijtimoiy ish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, yordamga muhtoj fuqarolarni oʻz vaqtida aniqlash hamda ularga koʻrsatiladigan xizmatlarni yagona va samarali tizim asosida tashkil etishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda.

Qonunga koʻra, ijtimoiy ish tibbiyot, taʼlim, ijtimoiy himoya, bandlik, sud va huquq-tartibot hamda jazoni ijro etish sohalarida tashkil etiladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi esa ushbu yoʻnalishdagi maxsus vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda.

Qonunning muhim jihatlaridan biri - ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs va oilalarni aniqlash mexanizmlarining kengaytirilishidir. Endilikda ehtiyojmand oilaga ijtimoiy yordam koʻrsatish masalasi faqat fuqaroning oʻzi ariza bilan murojaat qilganidan keyingina koʻrib chiqilishi shart emas.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oila yoki shaxs davlat organlari tomonidan ham aniqlanishi mumkin. Bunda oilaning daromadi, yashash sharoiti, mahalla va tegishli tashkilotlar taqdim etgan maʼlumotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan xabarlar ham asos sifatida inobatga olinishi mumkin.

Bu, ayniqsa, turli sabablarga koʻra davlat organlariga mustaqil murojaat qila olmaydigan yoki qanday yordam olish mumkinligidan yetarlicha xabardor boʻlmagan fuqarolarni oʻz vaqtida aniqlash imkoniyatini kengaytiradi. Natijada ijtimoiy yordam tizimining faqat murojaatni kutadigan emas, balki ehtiyojmand insonlarni faol ravishda aniqlashga yoʻnaltirilgan mexanizmi shakllantiriladi.

Shuningdek, Qonunda ijtimoiy xizmat va yordam turlari, ularni koʻrsatish joylari va tartibi, yordamni boshlash hamda tugatish asoslari, moliyalashtirish manbalari kabi masalalar tartibga solinmoqda. Ijtimoiy xodimlarning maqomi, ularning ijtimoiy muhofazasi, huquq va majburiyatlari hamda faoliyatiga oid cheklovlar ham alohida belgilab berilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur yoʻnalishdagi vakolatlari aniqlashtirilmoqda. Shu bilan birga, mahallalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari hamda jismoniy shaxslarning ijtimoiy himoya tizimidagi ishtiroki uchun ham huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda.

Senatorlarning taʼkidlashicha, Qonun ijtimoiy yordamga ehtiyoji bor fuqarolarni erta va manzilli aniqlash, ularga zarur xizmatlarni oʻz vaqtida yetkazish hamda aholining ehtiyojmand qatlamlari huquq va manfaatlarini yanada samarali himoya qilishga xizmat qiladi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash