Jamiyat / 01-Avgust, 15:00 6407

Senat Raisi Zarafshon mahallalarida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishdi

Zarafshon shahrida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini taʼminlash va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan loyihalarning amaliy natijalari o‘rganildi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Navoiy viloyatiga tashrifi davomida dastlab “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida “Navro‘z” mahallasida bo‘lib, “mahalla yettiligi” faoliyati hamda aholi muammolarini hal etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Muloqotlarda elektr va gaz taʼminoti barqarorligini taʼminlash, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va zarur zaxiralarni shakllantirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda bu yo‘nalishdagi ishlar ustidan parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, aholini daromadli mehnatga jalb qilish, mikroloyihalarni amalga oshirish va davlat xizmatlarini fuqarolarga yanada yaqinlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhokama qilindi.

Tashrifning navbatdagi manzili “Quruvchi” mahallasidagi “Oltin toj” istirohat bog‘ida tashkil etilgan, tunu kun faoliyat yurituvchi “Yoshlar saylgohi” ko‘chasi bo‘ldi. 2025-yilda “Drayver loyihalar” dasturi asosida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan ushbu loyihada bugungi kunda 50 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti faoliyat yuritmoqda. Natijada 100 nafar fuqaroning doimiy bandligi taʼminlangan.

Saylgohda futbol va skeyt maydonchalari, katta tennis korti, piyodalar yo‘laklari, zamonaviy yoritish tizimi, dam olish hududlari hamda avtoturargohlar barpo etilgan. Hudud elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari bilan to‘liq taʼminlangan.

O‘rganish yakunida hududdagi bunyodkorlik va investitsiya loyihalarining samaradorligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda mahallalarda aholi bandligini yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash