Oliy Majlis Senatida Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda veterinariya tizimini yanada takomillashtirish hamda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga oid dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida veterinariya sohasida olib borilayotgan islohotlar, hayvonlar salomatligini muhofaza qilish, epizootik barqarorlikni ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish, suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirish va hududlarda ichimlik suvi qamrovini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar yakunida tegishli vazirlik va idoralarga amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, sohaga oid muammolarni bartaraf etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mazkur masalalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar parlament nazoratida bo‘lib, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan tizimli choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.