Jamiyat / 16-Noyabr, 12:27 31

Namangan viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar o‘rganildi

Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzurida tuzilgan ishchi guruh tomonidan Namangan viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash faoliyati o‘rganildi.

O‘rganish davomida viloyatda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy ijrosi, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish mexanizmlarining samaradorligiga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, davlat organlari va tashkilotlarining hududiy bo‘linmalarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimining yo‘lga qo‘yilgani, mansabdor shaxslarning bu boradagi mas’uliyati, shuningdek, korrupsiyaviy holatlarning oldini olishda jamoatchilik nazorati va fuqarolar ishtirokini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘rganishning asosiy yo‘nalishlaridan biri Pop tumanini “korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi bo‘ldi. Bu borada tumanda korrupsiyaning kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi omillarni aniqlash, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar holati o‘rganildi.

Shuningdek, hududda yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish, davlat boshqaruvi va xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish orqali korrupsiyaviy omillarni kamaytirish imkoniyatlari tahlil qilindi.

O‘rganish yakunida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, Pop tumanini “korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Teglar
#Jamiyat
Baholash