Oliy Majlis Senatining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning dolzarb masalalari: muammolar va yechimlar” mavzusida seminar tashkil etildi.
Unda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda sohada yechimini kutayotgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xususan, muqobil energiya manbalarining energetika tizimidagi ulushini oshirish, ularni qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlariga keng joriy etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, sug‘orish tizimlari va nasos stansiyalarida quyosh hamda shamol energiyasidan foydalanish katta amaliy ahamiyatga ega. Bu elektr energiyasi sarfini maqbullashtirish, suv xo‘jaligi obyektlarining energiya ta’minoti samaradorligini oshirish hamda mavjud resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Shu nuqtayi nazardan, seminarda ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash va investitsiyalarni keng jalb qilish masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida davlat organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, mavjud muammolar va to‘siqlarni bartaraf etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Seminar yakunida ilgari surilgan fikr va takliflar asosida sohani yanada rivojlantirish, muqobil energiya manbalarini amaliyotga keng joriy etish hamda ulardan samarali foydalanishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.