Joriy yilning 12-noyabr kuni Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi majlisida “Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning xavfsizlikka tahdid va chaqiruvlarga qarshi kurashish boʻyicha Universal markazi toʻgʻrisidagi Bitimni (Tyanszin, 2025-yil 1-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Mazkur Bitim bilan Shanxay hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi negizida xavfsizlikka tahdid va chaqiruvlarga qarshi kurashish boʻyicha Universal markaz tashkil etilmoqda. Markaz Toshkent shahrida joylashadi, Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish markazi esa uning tarkibiy boʻlinmasi maqomidagi boʻlim sifatida Bishkek shahrida faoliyat yuritadi.
Universal markaz tashkilotning doimiy faoliyat yurituvchi organi boʻlib, terrorizm, separatizm, ekstremizm va transmilliy uyushgan jinoyatchilik, shuningdek, ularning axborot makonidagi koʻrinishlariga qarshi kurashishda aʼzo davlatlar vakolatli organlarining hamkorligini muvofiqlashtiradi.
Hujjatda Markazning huquqiy maqomi, asosiy vazifa va funksiyalari, Kengash hamda Ijroiya qoʻmitasining vakolatlari, moliyalashtirish tartibi, xodimlarning huquqiy holati, imtiyoz va immunitetlar, shuningdek, nizolarni hal etish tartibi aniq belgilab qoʻyilgan.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonun Toshkent shahrining mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasidagi maqomini mustahkamlaydi, axborot makonidagi tahdidlarga qarshi kurashishda hamkorlik doirasini kengaytiradi hamda mamlakatimiz vakolatli organlarining SHHTga aʼzo davlatlar tegishli tuzilmalari bilan oʻzaro hamkorligini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.