Jamiyat / 20-Noyabr, 18:40 23

Senatorlar Sharof Rashidov nomidagi yangilangan muzey ochilish marosimida ishtirok etdi

Jizzax shahrida Sharof Rashidov nomidagi muzeyning zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilinishi munosabati bilan tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ziyolilar hamda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan muzeylar rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan senatorlar Husan Ermatov va Rustam Xalmuradov Sharof Rashidovning mamlakat iqtisodiyoti, ilm-fan, adabiyot va san’at rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, uning davlat arbobi va yozuvchi sifatidagi faoliyati haqida so‘z yuritdilar.

Marosimda Sharof Rashidov xotirasini abadiylashtirish, uning hayoti va faoliyatini keng targ‘ib etish borasida muzeyda amalga oshirilgan yangilanishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, muzeyga tashrif buyuruvchilar atoqli davlat va jamoat arbobining hayoti hamda faoliyatiga oid ma’lumotlarni uch tilda so‘zlashuvchi robot-gid orqali olishlari mumkin. Shuningdek, ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellekt yordamida Sharof Rashidovning 3D siymosi yaratilgan bo‘lib, u bilan o‘zbek, ingliz, arab va rus tillarida muloqot qilish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, muzey eksponatlari tarixiy davriylik asosida qayta joylashtirildi. Sharof Rashidov foydalangan temiryo‘l vagonini quyosh nuri va yog‘ingarchilik ta’siridan himoyalash maqsadida uning ustiga maxsus soyabon qurildi.

Tadbir doirasida respublikamizning barcha hududlaridagi muzeylar rahbarlari ishtirokida Sharof Rashidov nomidagi muzeyning taqdimoti ham o‘tkazildi.

Unda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida muzeylar faoliyatini takomillashtirish, ularning fondlarini boyitish va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash orqali madaniy turizmni rivojlantirish, milliy tariximizni chuqur o‘rganish hamda yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, muzey ma’lumotlar bazasini izchil boyitish, uni ilmiy-tadqiqot markaziga aylantirish va yoshlarni keng jalb etish yuzasidan taklif hamda fikr-mulohazalar bildirildi.

 

Teglar
#Jamiyat
Baholash