Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning roli” mavzusidagi rezolyutsiyani qabul qildi.
Mazkur hujjat parlamentlarning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash va aholi farovonligini oshirishdagi muhim o‘rnini e’tirof etadi.
Rezolyutsiyada qonun chiqaruvchi organlarning inklyuziv siyosatni shakllantirish, ijtimoiy tenglikni ta’minlash, aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda samarali parlament nazoratini kuchaytirish borasidagi vazifalari alohida qayd etilgan.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol va konstruktiv siyosati, shuningdek, parlament diplomatiyasini rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarining yana bir muhim natijasi bo‘ldi.
Rezolyutsiyaning qabul qilinishi mamlakatimizning global miqyosdagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, ushbu hujjat parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni almashish va ijtimoiy rivojlanish yo‘lidagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.